Joriy yilning aprel oyi yakunida Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro “Global Currency Forum”da “Davlat belgisi” MChJ Bosh direktori Azizxon Xamidov ishtiroki

Joriy yilning aprel oyi yakunida Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro “Global Currency Forum”da “Davlat belgisi” MChJ Bosh direktori Azizxon Xamidov ishtirok etdi. Mazkur forum himoyalangan qog‘oz mahsulotlari, banknotlar ishlab chiqarish hamda zamonaviy himoya texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan muhim xalqaro platformalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Forum doirasida sohaning yetakchi xalqaro kompaniyalari, jumladan “De La Rue International” (Buyuk Britaniya), Oberthur Fiduciaire (Fransiya) shuningdek Gieseke+Devrient (Germaniya), “Louisenthal” (Germaniya), “Crane Currency” (Malta/Shvetsiya), “SICPA (Shveytsariya), Koenig Bauer (Shveytsariya), Komori Corporation (Yaponiya), Gleitsmann Security Inks GmbH” (Germaniya), Qozog’iston Respublikasi Milliy bankining Banknot fabrikasi vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ishlab chiqarish va texnologik yo‘nalishlarda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

“Global Currency Forum”ning muhim natijalaridan biri sifatida O’zbekiston Respubikasining Markaziy banki, “Davlat belgisi” MChJ hamda “Oberthur Fiduciaire” va “De La Rue International Limited” kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi va kelishuvlarga erishildi. Erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan izchil davom ettirish maqsadida “Gieseke + Devrient” (Germaniya) hamda “Crane Currency” (Malta/Shvetsiya) kompaniyalari vakillari bilan qo‘shimcha ishchi tartibida uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur muzokaralarda kelgusi yil uchun mo‘ljallangan eksport loyihalarini amalga oshirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi. Forum yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda uzoq muddatli strategik sheriklikni rivojlantirishga qat’iy intilishlarini bildirdilar. Xalqaro miqyosdagi ushbu tadbirda ishtirok etish himoyalangan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ilg‘or himoya texnologiyalari sohasida professional tajriba va bilim almashish uchun samarali maydon yaratdi. Shu bilan birga, erishilgan natijalar hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli xalqaro sheriklikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

“Davlat belgisi” MChJ forum tashkilotchilariga tadbirning yuksak saviyada tashkil etilganligi, mazmunan boy dasturi hamda ishtirokchilar o‘rtasida samarali professional muloqot olib borishlari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga alohida minnatdorchilik bildiradi. O‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini diversifikatsiya qilish, shuningdek qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.