Toshkent va Samarqand shaharlarida “Istiqbol banknotalari” mavzusidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi
2026-yil 13–14-may kunlari Samarqand va Toshkent shaharlarida Markaziy Osiyo hamda Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan soha mutaxassislarini birlashtirgan “Kelajak banknotalari” mavzusidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarning birinchi bosqichi 2026-yil 13–14-may kunlari Samarqand shahrida “De La Rue” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va “Davlat belgisi” MChJ ko‘magida tashkil etildi.
Seminar Samarqand va Toshkent shaharlarida o‘tkazilib, unda Markaziy Osiyo va Yevropadagi markaziy banklar hamda himoyalangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Turkmaniston markaziy banklari vakillari, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Banknot fabrikasi mutaxassislari hamda Buyuk Britaniyaning “De La Rue” kompaniyasi ekspertlari qatnashdi.
Seminarning yalpi majlislarida ishtirokchilar raqamli transformatsiya, yuqori darajadagi himoyaga ega banknotalarni ishlab chiqish, yangi avlod golografik himoya еchimlari – “Optilight” texnologiyasi, shuningdek, naqd pul muomalasi jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi tahliliy dasturiy modul bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdilar.
Shuningdek, seminar doirasida interaktiv amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, unda ishtirokchilar banknotalar ishlab chiqarilishi va bosma sifati bo‘yicha ekspert baholash ishlarini amalga oshirdilar.
Mazkur xalqaro seminar tashkilotchilar va ishtirokchi tashkilotlarning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga bo‘lgan intilishini yana bir bor namoyon etdi.
Seminarning yakuniy bosqichi “Davlat belgisi” MChJ ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishish dasturi doirasida tashkil etildi.
“Davlat belgisi” MChJ qog‘oz fabrikasida yuqori sifatli himoyalangan qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy ustaxona faoliyat yuritmoqda. Mazkur ishlab chiqarish majmuasi korxonaning texnologik markazi hisoblanadi. Bu еrda istalgan murakkablikdagi suv belgilarini (watermark) qog‘oz tarkibiga integratsiya qilish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu tayyor mahsulotning o‘ziga xosligi va yuqori darajadagi himoyasini ta’minlaydi.
1994-yilda foydalanishga topshirilgan “Davlat belgisi” MChJ bosma fabrikasi bugungi kunda sifat va ishonchlilik timsoliga aylangan. Korxona ISO 9001 (Sifat menejmenti tizimi), ISO 37001 (Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi) hamda ISO 14298 (Intergraf) xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlangan bo‘lib, bu
“Davlat belgisi” MChJ faoliyati ilg‘or xalqaro amaliyotlarga to‘liq mos ravishda yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi.
Korxona hududida 50 dan ortiq zamonaviy texnologik uskunalardan iborat ishlab chiqarish parki faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bosma ishlab chiqarishda bosma shakllarni tayyorlashning zamonaviy raqamli texnologiyalaridan, shuningdek, ofset bosma, intaglio (chuqur bosma) va trafaret bosma texnologiyalaridan keng foydalaniladi.
Ofset bosma zamonaviy ko‘p rangli uskunalarda, sifatni avtomatik nazorat qilish tizimlari asosida amalga oshiriladi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalari tasvir elementlarining mukammal mosligini, rang uzatishning barqarorligini hamda bosma sifatining yuqori darajasini ta’minlaydi. Bu esa eng yuqori darajadagi himoya, aniqlik va xalqaro standartlarga muvofiqlikni talab etuvchi banknotalar ishlab chiqarishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Intaglio bosma zamonaviy ko‘p rangli uskunalarda bajarilib, relef elementlari hamda taktil himoya belgilarini shakllantirish imkonini beradi. Mazkur texnologiya tasvirning yuqori aniqligi, chuqurligi va mustahkam himoya xususiyatlarini ta’minlaydi. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatik sifat nazorati tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, bu bosma parametrlarining barqarorligi va himoyalangan poligrafiya sohasidagi qat’iy talablarga to‘liq muvofiqligini kafolatlaydi.
Bosma fabrikada zamonaviy himoya texnologiyalari va maxsus bo‘yoqlarning keng assortimenti qo‘llaniladi. Mahsulotlarda mikro matn, kamalak (rainbow) bosma, intaglio bosma, yashirin hamda ultrabinafsha (UV) tasvirlar kabi kompleks himoya elementlari qo‘llaniladi. Korxonaning o‘z laboratoriyasida yo‘lga qo‘yilgan ko‘p bosqichli sifat nazorati mahsulotning kimyoviy va mexanik ta’sirlarga chidamliligini sinovdan o‘tkazish orqali ishlab chiqarishning yuqori texnologik darajasini tasdiqlaydi.
Mahsulotlarni raqamlash jarayoni gorizontal va vertikal raqamlashni, shuningdek, avtomatik sifat nazorati asosida integratsiyalashgan laklash jarayonini amalga oshirish imkoniyatiga ega zamonaviy yuqori texnologik uskunalarda bajariladi.
Kesish va yakuniy ishlov berish ishlari to‘liq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalarida amalga oshiriladi. Bu esa tayyor mahsulotning yuqori aniqligi va benuqson sifatini ta’minlaydi.

