2025-yil doirasida bizning asosiy maqsadimiz — qog‘oz mahsulotidagi himoya elementlarini mukammalashtirish hamda sifatini yuqori darajaga yetkazish rejalashtirilgan. Bizning asosiy yutuqlarimiz qatoriga moliyaviy barqarorlikni oshirish, xatarlarni samarali boshqarish hamda ehtimoliy salbiy oqibatlarni minimallashtirish kiradi. “Davlat belgsi” MChJning 2025-yil moliyaviy ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikani namoyon etdi. Umumiy foyda hajmi oshdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan umumiy tushumning 115 % ga ko‘payishiga olib keldi va shu bilan birga, jamiyatning yuqori rentabellik darajasini saqlab qolgan holda bizning biznes reja ko‘rsatgichlari to‘liq bajarildi, bu esa tanlangan rivojlanish strategiyasining samaradorligini tasdiqlaydi. “Davlat belgisi” MChJning Qog‘oz va Bosma fabrikalari mahsulot darajasi bo‘yicha yuqori sifatni belgilab bermoqda: murakkab suv belgilarining chuqur integratsiyasi amalga oshirilmoqda, keng himoya iplari (6 mm gacha) va kompleks bosma elementlar qo‘llanilmoqda. Ushbu texnologik yechimlar buyurtmachilar talablariga to‘liq javob beradi hamda mintaqada sifat etalonini shakllantirib bermoqda. “Davlat belgisi” MChJning Zarbxonasi davlat ahamiyatiga ega to‘rtdan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etdi, muhim voqealar, buyuk shaxslar va mamlakatning tarixiy merosini abadiylashtiruvchi esdalik tangalarni ishlab chiqardi. “Davlat belgisi” MChJ ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va sifatni qat’iy nazorat qilish masalasiga mas’uliyat bilan yondashdi, bu esa nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki mahsulotlarni turli xorijiy bozorlar talablariga moslashtirish imkonini berdi. 2025-yil iyun oyida “Davlat belgisi” MChJ Bosma fabrikasida zamonaviy biometrik pasport blankalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Kugler Womako» avtomatlashtirilgan liniyasining modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Modernizatsiya ishlari natijasida ma’lumotlarni shaxsiylashtirish uchun polikarbonat sahifaga ega, integratsiyalashgan chipli va chipsiz yuqori texnologik hujjatlarni ishlab chiqarilishi ta’minlanadi. Xavfsizlik darajasi xalqaro talablarga javob beradigan biometrik hujjatlarni ishlab chiqarish imkoniyati yaratib berildi. 2025-yilning iyul oyi qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyalarining yangi bosqichga o‘tishi bilan yodda qoldi — ya’ni suv belgisi klishelarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan «Impala 400» yangi frezer-gravirovka stanogi o‘rnatilindi va foydalanishga topshirildi, u suv belgisi asboblarini va klishelarini ishlab chiqarilishida muhim elementga aylandi. Yangi uskunalar joriy etilayotgan himoya elementlarining yuqori aniqligi va to‘g‘riligini ta’minlaydi. Qat’iy standartlar va buyurtmachilarning talablariga to‘liq mos kela oladigan ishlab chiqarish jarayonlari yanada optimallashtirildi. Ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sish dinamikasini, tarkibiy transformatsiya, rivojlanish va diversifikatsiya bilan birga namoyon etgan asosiy omil eksportga yo‘naltirilgan yo‘nalishlar bo‘ldi. Xorijiy kompaniyalar tomonidan kelib tushgan buyurtmalarni shartnoma asosida sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqarilishi natijasida boshqa kompaniylarda bizga nisbatan qiziqish uyg‘otdi va buning natijasida ular bilan bir qator uzoq muddatli shartnomalar tuzildi. Eksport 2024 yilga nisbatan 48.5% o‘sishni tashkil etdi. Global beqarorlik va umumiy ko‘rsatkichlarga ta’sir etuvchi o‘zgaruvchan omillarga qaramay, “Davlat belgisi” MChJ nafaqat barqarorlikni saqlab qoldi, balki mahsulotlar qatorining mo‘tadil o‘sishini hamda eksport geografiyasining kengayishini ta’minladi. 2025- yil davomida xaridlar sezilarli darajada optimallashtirildi: hamkorlar bilan strategik muzokaralar olib borildi va muqobil yetkazib beruvchilar izlandi, bu esa samaradorlikni oshirib, xarajatlarni qisqartirishga xizmat qildi. Banknot qog‘ozini ishlab chiqarish, banknotlarni chop etish, yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma kombinatsiyalangan loyihalarni amalga oshirish doirasida xalqaro simpozium va konferensiyalarda ishtirok etildi, shuningdek banknot sanoatining yetakchi kompaniyalari, jumladan De La Rue, Giesecke+Devrient, Veridos GmbH, Gietz va БФНБРК bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Hisobot davri mobaynida “Davlat belgisi” MChJda 30 dan ortiq yetakchi xorijiy sanoat kompaniyalari va tashkilotlari vakillarining tashriflari tashkil etildi, jumladan SICPA, De La Rue, Oberthur Fiducare, Crane Currency, Qozog‘iston Respublikasi vakillari ham ishtirok etdi. Bu bizga bozorni nafaqat Markaziy Osiyo miqyosida, balki jahon miqyosida ham batafsil o‘rganish imkonini berdi.