O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi xizmat safari doirasida “Davlat belgisi” MChJ faoliyati bilan tanishdi
O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi Ishmetov Timur Amindjanovich maxsus muhofaza elementlari bilan ta’minlangan banknota, pasport hamda boshqa maxsus ahamiyatga ega himoyalangan poligrafiya mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishish maqsadida “Davlat belgisi” MChJ ga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Markaziy bank raisi korxonaning uchta muhim ishlab chiqarish majmuasi – Qog‘oz fabrikasi, Bosma fabrikasi hamda Zarbxona faoliyati bilan tanishdi. Korxona rahbarlari tomonidan joriy davrda erishilgan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hamda ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli rejalar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.

“Davlat belgisi” MChJ Qog‘oz fabrikasida bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida ishlab chiqarish uskunalarini modernizatsiya qilish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish darajasini yanada oshirish hamda mahsulot sifati ustidan nazoratni ta’minlovchi ilg‘or boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Fabrika hududida Markaziy bank raisi paxta tolasini tayyorlash va qayta ishlash uchastkasini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu jarayonda saralangan paxta tolasi bir necha bosqichli texnologik ishlovdan o‘tkazilib, yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega bir jinsli sellyuloza massasi shakllantirilishi haqida ma’lumot berildi.
Bosma fabrikaga tashrif doirasida yuqori darajada muhofazalangan poligrafiya mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalari namoyish etildi. Jumladan, banknotalar, xorijga chikish pasportlari, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar hamda aksiz markalarini tayyorlash jarayonlari bilan tanishtirildi.

Korxona rahbariyati tomonidan mahsulotlarni qalbakilashtirishdan ishonchli muhofaza qilishga xizmat qiluvchi zamonaviy himoya elementlari namunalari taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar himoyalangan kompyuter dizaynini ishlab chiqish jarayonlari hamda maxsus bosma texnologiyalarini qo‘llash orqali mahsulotlarning xavfsizlik darajasini ta’minlash mexanizmlari bilan atroflicha tanishdilar.

Tashrifning yakuniy bosqichi sifatida Markaziy bank raisi “Davlat belgisi” MChJ Tanga zarb qilish Zarbxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Ishlab chiqarish maydonlarini o‘rganish jarayonida zamonaviy tanga ishlab chiqarish texnologiyalari, zarb qilishning barcha bosqichlarida amal qiladigan texnologik jarayonlar hamda mahsulot sifati ustidan olib boriladigan ko‘p bosqichli nazorat tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur tashrif mamlakatda muhofazalangan poligrafiya mahsulotlari va pul belgilari ishlab chiqarish sohasida joriy etilayotgan innovatsion yechimlar, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish infratuzilmasi hamda tarmoqni yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.
